Brauzerlar jangi: eng mashhur brauzerlar

Blog | Khan Academy Oʻzbek
3 min readMar 26, 2021

--

2020-yilga koʻra davlatlar boʻyicha eng mashhur brauzerlar.

1994-yilda Netscape Navigator nomli ilk brauzer yaratildi va tez orada u Windows operatsion tizimi uchun juda mashhur boʻlib ketdi.

Netscape Navigator shunaqa koʻrinishda boʻlgan.

Tasavvur qiling-a, bir paytlar odamlar shunaqa brauzerlardan ham foydalanishgan :)

Shubhasiz, bu holat Microsoft kompaniyasiga unchalik ham yoqmadi. Toʻgʻri-da, Windows operatsion tizimidagi eng mashhur veb brauzer boshqa kompaniya tomonidan yaratilib, barcha foydalanuvchilarning puli ularga ketsa, bu kimga yoqadi? 1995-yilda Windows 95ʼga avtomatik oʻrnatilgan bepul brauzer — Internet Explorer taqdim etildi.

1995-yildagi Internet Explorer koʻrinishi.

Hammamiz Internet Explorer haqida juda koʻp salbiy fikrlar eshitganmiz. U deyarli barcha Windows foydalanuvchilarining kompyuterlarida boʻlsa-da (u Windows operatsion tizimi bilan birga keladi) uni kamdan-kam odam ishlatadi. Bunga sabab qilib uning raqobatchilariga nisbatan sekinroq ishlashi va interfeysidagi cheklovlarni koʻrsatishadi.

Hattoki baʼzi foydalanuvchilar hazillashishadi: sen Internet Explorerʼdan hayotingda bir marta foydalanasan: uning yordamida internetga kirib Mozilla yoki Chromeʼni yuklab olish uchun.

2000 yillar boshida bozorda Internet Explorer monopoliyasi hukmronlik qilardi, ammo 2004-yilga kelib Mozilla Firefox brauzerining birinchi versiyasi chiqdi, 2005-yilda esa Opera veb brauzeri nihoyat bepul boʻldi (ungacha uning reklamasiz versiyasini ishlatish uchun pul toʻlab borish kerak edi).

2007-yilga kelib Firefox allaqachon bozorning 13 dan 25 foizini egallagan edi. 2003-yilda Apple tomonidan yaratilgan Safari brauzeri ham foydalanuvchilar orasida tarqala boshladi.

Mozilla Firefox va Safari.

2008-yilda brauzerlar tarixida yangilik sodir boʻldi — Google Chrome brauzerining ilk relizi taqdim qilindi.

Google Chrome.

2010-yilga kelib brauzerlar bilan quyidagi holat sodir boʻldi:

2010-yilga koʻra, davlatlar boʻyicha eng mashhur brauzerlar.

Koʻp oʻtmay boshqa kompaniyalar Chrome brauzeri uchun plaginlar yaratishni boshladi va unga interfeysni yanada moslashuvchan qiluvchi Adobe Flash oʻrnatildi.

2010-yilda internet foydalanuvchilarining taxminan 10 foizi Chromeʼdan foydalangan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2012-yilga kelib qariyb 30% ni tashkil etdi. Qizigʻi, 2012-yilda Firefox, Chrome va Internet Explorer brauzerlarining bozor ulushi deyarli teng edi: har bir brauzer 30–33 foizgacha.

2015-yilga kelib Chrome raqobatchilarini ortda qoldirib bozorning 50 foiziga ega boʻldi. Bu koʻrsatkich yilma-yil oshib boraverardi. 2020-yilga kelib esa Google Chrome butun dunyoni “qamrab oldi”:

2020-yilga koʻra, davlatlar boʻyicha eng mashhur brauzerlar.

Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz email manzili yoki Telegram profilimizga xabar bering. Rahmat :)

Maqola Khan Academy Oʻzbek jamoasi tomonidan tarjima qilindi.

Telegram | Instagram | Facebook | Youtube | Medium | Vebsayt

--

--

Blog | Khan Academy Oʻzbek
Blog | Khan Academy Oʻzbek

Written by Blog | Khan Academy Oʻzbek

Taʼlim, ilm-fan, astronomiya, matematika, fizika, koinot, texnologiya va boshqalar haqida oʻzbek tilida sifatli kontent.

No responses yet